Loyihalar

Dastur "Eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun taʼlimni rivojlantirish"

Eshitish qobiliyatining qisman yoki to‘liq yo‘qolishi bolalarni muhim maʼlumot manbaidan mahrum qiladi va intellektual rivojlanish jarayonini cheklaydi.
Imkoniyati cheklangan bolalar odatda bir qator qiyinchiliklarga duch kelishadi, shundaylaridan biri to‘liq taʼlim olish imkoniyatining yo‘qligidir.

Eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan bolalar uchun ushbu kamchiliklarni yordamchi uskunalar va tegishli o‘qitish usullari yordamida to‘ldirish mumkin. Bu o‘quvchilarga kelgusida rivojlanish va jamiyatga qo‘shilib ketishi uchun sifatli taʼlim olish imkoniyatini beradi. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida “Zamin” fondi O‘zbekistonda eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun taʼlimni rivojlantirish dasturini taqdim etadi.

Dasturning maqsadi
 
— Eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish.
— Eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun maktab-internatlarda zamonaviy xalqaro standartlarga mos o‘quv sharoitlarini yaratish.
— Jarayon maktablarni zamonaviy yordamchi uskunalar bilan bosqichma-bosqich jihozlash, o‘qitish usullarini yangilash, shuningdek, maktab o‘quvchilari uchun koxlear implantatsiya dasturini joriy etishni o‘z ichiga oladi.

Dastur quyidagi uchta loyihadan iborat:

  1. Maktablarni zamonaviy yordamchi uskunalar bilan jihozlash

    Kerakli jihozlarga texnik talablarni aniqlash uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlarining mavjud jihozlari va o‘quvchilarning umumiy nozologiyasi bo‘yicha batafsil tahlil olib borish.

    Ixtisoslashtirilgan maktablar guruh mashg‘ulotlari uchun audio sinflar, individual darslar uchun nutq simulyatorlari, o‘quv jarayonida foydalanish uchun audiometrlar va statsionar ovoz kuchaytirgichlari bilan bosqichma-bosqich jihozlash. 

  2. O‘qitish usullarini takomillashtirish

    Yetakchi xalqaro ekspertlik institutlarini jalb qilgan holda maktablarda eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun mavjud o‘qitish uslubini kompleks tahlil qilish.

    O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda ilg‘or o‘quv amaliyotini hisobga olgan holda ixtisoslashtirilgan maktablarda zamonaviy yordamchi texnologiyalardan foydalangan holda pedagogik usullarni ishlab chiqish va joriy etish rejalashtirilgan.

    Ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasalari o‘qituvchilari va xodimlarini ilg‘or tajriba va istiqbolli texnologiyalar bo‘yicha o‘qitish maqsadida o‘quv kurslarini birgalikda ishlab chiqish uchun yetakchi xalqaro institutlarni jalb qilish.

  3. Maktab o‘quvchilari uchun koxlear implantatsiya dasturi

    Koxlear implantatsiya — bugungi kunda eshitish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilishning yagona usuli hisoblanadi. JSST tavsiyalariga ko‘ra, eshitish asboblari bilan birgalikda koxlear implantlarga kirishni taʼminlash ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, eshitish qobiliyati pasaygan odamlarga katta ustunlik beradi.

    Dastur quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

    — Koxlear implantatsiya imkoniyatini aniqlash uchun ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘quvchilarni bosqichma-bosqich tashxisdan o‘tkazish.
    — Maktab yoshidagi bolalar uchun yillik 30 ta koxlear implantatsiya operatsiyasi dasturini amalga oshirish. Dastur shuningdek, keyingi reabilitatsiyani ham o‘z ichiga oladi.