Yangiliklar

Ziroat Mirziyoyeva bolalar tibbiyot markaziga tashrif buyurdi

Buxoro viloyatiga tashrifi davomida "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva viloyat ko'p tarmoqli bolalar tibbiyot markazining bolalar onkogematologiyasi bo'limida bo'lib, u yerda bemorlar bilan suhbatlashdi. Fond bolalarning gematologik va onkologik xizmatlarini birlashtirish tashabbusini qo'llab-quvvatlashi ta’kidlandi.
 
Shuningdek, "Temir daftar" tarkibiga kiritilgan yurak-qon tomir kasalliklari tashxisi bor 18 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish xayriya loyihasi boshlanganligi haqida e'lon qilindi. Bugungi kunga kelib, “Temir daftar” ro'yxatidagi ushbu tashxis qo'yilgan bolalarning umumiy soni qariyb 300 kishini tashkil etadi.
 
Ziroat Mirziyoyeva birinchi jarrohlik amaliyotidan o’tadigan bolalar va ularning ota-onalari bilan uchrashdi.
— Bolajonlar sog‘ayib ketsin deb, siz – duodasiz, shifokorlar – harakatda. Biz ham shu xayrli ishga hissamizni qo‘shish, sizni qo‘llab-quvvatlash uchun keldik. Bizning harakatlarimiz o'z samarasini beradi deb umid qilamiz, — dedi "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi.