Yangiliklar

“Zamin Education” sinflari O‘zbekistonning barcha viloyatlarida ochildi.

O‘zbekistonda eshitish qobiliyati zaif bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 18 ta maktablarining informatika sinflari zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Loyiha doirasida ta'lim platformasi ishlab chiqildi hamda axborot texnologiyalari va robottotexnika fanlarini o‘rgatish metodologiyasi joriy etildi.

14-aprel kuni “Zamin Education” ta'lim platformasi va sinflari respublikamiz viloyatlarida ishga tushirildi. Tadbirda Toshkent shahridagi 101, 102 va 106-ixtisoslashtirilgan internat-maktab o‘quvchilari va informatika fani o‘qituvchilari ishtirok etishdi. Viloyatlarda joylashgan maktab o‘quvchilari onlayn-videoanjuman aloqasi orqali tadbirda qatnashdilar. 

Fond Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva uchrashuvning yosh ishtirokchilariga murojaatida shunday dedi: “Shubhasiz, siz bu imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanasiz, qiziqarli dasturlar ustida ishlaysiz, bilimingizni yana-da oshirib, nufuzli o‘quv yurtlariga kirasiz. Va bir kun kelib, zamonaviy sohalarda o‘zingizni albatta namoyon etasiz. “Zamin” fondi bu yo‘lda sizga doim yelkadosh bo‘ladi, qo‘llab-quvvatlaydi!”
Zamineducation.uz onlayn ta'lim platformasi ishga tushirildi. Ushbu platforma dasturlash va grafik dizayn ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beruvchi o‘zbek tilidagi videodarslar va ta'lim beruvchi dasturlarni taklif etadi.
Taqdimot davomida “Zamin Education” IT-laboratoriyasida ta'lim olgan maktab o‘quvchilari tomonidan ishlab chiqilgan ikkita elektron ilovalar namoyish etildi. Bu Munira Yunusova va Durdona Aymatovaning «SOS-button» hamda Аyluna Maldakulova va Zilola O‘lmasovaning «My Hearing» loyihalaridir. «SOS-button» dasturi eshitish yoki so‘zlash qobiliyati zaif shaxslarga favqulodda vaziyatlarda tegishli muassasalarga ma'lumot jo‘natish imkonini beradi. «My Hearing» – eshitish qobiliyati zaif shaxslarni hayot va sog‘liqqa xavf tug‘ilganligi haqida ogohlantirish, shuningdek, e'tiborni jalb etish uchun mo‘ljallangan dastur.
Eslatib o‘tamiz, “Zamin Education” sinov laboratoriyasi 2020-yilning oktyabr oyida “Zamin” fondi tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan IT-maktab bilan hamkorlikda ishga tushirilgan. Loyiha maqsadi – eshitish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan katta sinf o‘quvchilarini kasbga doir ko‘nikmalarini rivojlantirish va jamiyatda ijtimoiylashuvini qo‘llab-quvvatlash, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlariga tayyorlash, yangi metodologiyalarni ishlab chiqish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan internat-maktablar o‘qituvchilarining informatsion texnologiyalar sohasidagi malakalarini oshirishdan iborat.

“Zamin Education” sinflarida muvaffaqiyatli ta'lim olgan katta sinf o‘quvchilari “Zamin Education” IT-laboratoriyasiga o‘qishga kirib, ta'limni keyingi bosqichda davom ettirishlari mumkin. Bunday “Zamin Education” IT-laboratoriyalarini viloyatlarda ham ochish “Zamin” fondining “Eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun ta'limni rivojlantirish dasturi”ni amalga oshirishda keyingi bosqich bo‘lib xizmat qiladi.