Yangiliklar

Toza havoning hayot sifati uchun ahamiyatiga bag'ishlangan muhokama o'tkazildi

Xalqaro moviy osmon uchun toza havo kuni arafasida “Zamin” fondi tomonidan BMTning Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi (UNEP), O‘zbekiston Gidremeteorologiya xizmati markazi va Davlat ekologiya qo‘mitasi ko‘magida “Toza havoning inson hayoti sifati uchun ahamiyati” mavzusida muhokama tashkil etildi.

2019-yilda BMT Bosh Assambleyasi 7-sentabr kunini Xalqaro moviy osmon uchun toza havo kuni deb e’lon qildi. 

Havoning ifloslanishi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar oqibatidagi o‘limlarning boshqa omillardan keyingi ikkinchi sababiga aylandi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, sayyoramizda har o‘n kishidan to‘qqiztasi ifloslangan havodan nafas oladi, bu esa, hisob-kitoblarga qaraganda, bir yilda yetti millionga yaqin odam hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga olib keladi. 

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva o‘z kirish so‘zida:

«Sayyoramiz kelajagi - hammamizniki, demak, atrof-muhit holatiga har birimiz javobgarmiz, o‘zimizdan boshlab xususiy sektorgacha, jamoat tashkilotlaridan hukumatlargacha - hammamiz birgalikda ish olib borishimiz shart. Bu borada amallarning katta-kichigi yo‘q, atrof-muhit uchun barcha harakatlar: o‘simliklarga zarar yetkazmaslik yoki kichik daraxt ekish ham, katta korxonalarda chiqindilarni kamaytirish ham o‘ta ahamiyatli», deb ta’kidladi.

“Zamin” fondi va O‘zbekiston Respublikasi Gidremeteorologiya xizmati markazi tomonidan “Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish” loyihasini amalga oshirish doirasida qilingan ishlarning natijalari taqdimot qilindi.

Ularning eng asosiylari:

- “O‘zgidromet”ning 63 ta havo ifloslanishini kuzatish maskani va 17 ta hududiy laboratoriyasi yagona tahlil markazasiga birlashtirildi;

- Ma’lumotlarni to‘plash va e’lon qilish uchun barcha uchun ochiq bo‘lgan AirUz platformasi (monitoring.meteo.uz veb-sayti va AirUz mobil ilovasi) yaratildi. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston havoni monitoring qilish avtomatik stantsiyalarining ma’lumotlari IQAir xalqaro platformasiga integratsiya qilingan; 

- Toshkentda yetakchi Horiba kompaniyasining 2 ta atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qilish avtomatik stantsiyasi o‘rnatildi;

- Havo ifloslanishini monitoring qilishning beshta xalqaro standarti uyg‘unlashtirildi va joriy qilindi;

- “O‘zgidromet”ning 50 nafardan ziyod xodimi havo monitoringi bo‘yicha zamonaviy axborot tizimlaridan foydalanish va avtomatik stantsiyalarni ekspluatatsiya qilishga o‘qitildi.

Loyiha davom etmoqda. Nukus, Urganch, Samarqand, Jizzax va Gulistonda bittadan havo sifatini monitoring qilish avtomatik stantsiyasi o‘rnatiladi.

Xorijiy mutaxassislar ishtirokida mintaqamizning tabiiy-iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda RM2,5[1] ва PM10[2]  havoni ifloslantiruvchi moddalarning kontsentratsiyasiga doir milliy me’yorlar ishlab chiqilmoqda.

Butun mamlakatimiz bo‘ylab havo monitoringining to‘laqonli avtomatlashtirilgan tizimining shakllantirilishi ifloslantiruvchi moddalarni qayd etish, ularning anomal kontsentratsiyalarini aniqlash, shuningdek, tezkor bartaraf etish uchun ifloslantirish manbalarini topish imkonini beradi.  


[1] РМ2,5 — havoni ifloslantiruvchi modda, tarkibiga kattaligi 10 nm dan 2,5 mkm gacha bo‘lgan qattiq zarralar va suqlik tomchilari kiradi. Nafas va yurak-tomir tizimi kasalliklaridan o‘limlarning 3 foizi va o‘pka saratonidan o‘limlarning 5 foizini keltirib chiqaradi.
[2] PM10 — u yoki bu moddalarning diametri 10 mkm dan boshlanuvchi zarralari. O‘pkaga chuqur kirib borishi va o‘sha yerda o‘rnashishi mumkin.