Yangiliklar

Ziroat Mirziyoyeva Sirdaryo viloyatining falokat ro‘y bergan hududidan evakuasiya qilingan aholi bilan uchrashdi

21-may kuni Ziroat Mirziyoyeva Sardoba suv ombori atrofidagi favqulodda vaziyat ro‘y bergan hududlarga tashrif buyurdi hamda suv toshqini bo‘lgan yerlardan evakuasiya qilingan aholi bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida mamlakatimiz birinchi xonimi odamlarning ahvoli, salomatligi, vaqtinchalik yashash joylaridagi sharoit bilan tanishdi, ularga samimiy so‘zlar bilan dalda berdi. 

«Tashqaridan tushkunlikka tushmang, bu kunlar o‘tib ketadi, deyish oson. Lekin hozir ichingizdan nima o‘tayotgani faqat sizga ma'lum! O‘g‘lim boshpanali bo‘lsin deb, o‘zingiz yemay, imorat ko‘targansiz. Qizimni to‘yiga deb, o‘zingiz kiymay, sarpo yiqqansiz. Hammasidan xabarimiz bor, ko‘rdik, eshitdik.
Eng muqaddas ayyomlardan – Xayit arafasida sizni yo‘qlashni, hech bo‘lmasa bir og‘iz so‘z bilan dalda bo‘lishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Keling, shunday tabarruk kunlarda duoga qo‘l ochib, ezgu niyat qilaylik. Bu musibatlar, mashaqqatlar tezroq ortda qolsin. Har biringiz oila davrasida halovat va xotirjamlikda yashang, ilohim. Alloh xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Biz yoningizda turamiz. Butun O‘zbekiston xalqi siz bilan! Prezidentimiz siz bilan!»
— dedi Ziroat Mirziyoyeva sirdaryoliklar bilan uchrashuv chog‘ida.

Tashrif chog‘ida «Zamin» fondi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hamkorlikdagi ijtimoiy loyihasi e'lon qilindi. Ushbu loyiha Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 11 ta zarar ko‘rgan mahallalarda istiqomat qilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Suv ostida qolgan hududlarni qayta tiklash va ulkan qurilish ishlari ketayotgan bir paytda aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlarini ta'minlash maqsadida yoshi 60 yoshdan oshgan barcha qariyalar 10 kun davomida poytaxtda va Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida joylashgan sihatgohlar va dam olish maskanlariga, 7dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa yozgi oromgohlarga bepul taklif etiladi. Yaqin kunlarda taklifnoma-sertifikatlar o‘z egalariga yetkaziladi.

Karantin talablarini inobatga olgan holda, aksiyaning barcha ishtirokchilari oldindan COVID-19 test-tekshiruvidan o‘tkaziladi. Hamma xavfsizlik choralari ko‘riladi.

Loyiha haqida ma'lumot

Yaqin kunlarda quyidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi 7 dan 14 yoshgacha, shuningdek 60 yosh va undan katta fuqarolarga taklifnoma-sertifikatlar tarqatiladi:


Ushbu hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar «Sirdaryo, yoningdamiz!» loyihasining 1232 raqamidagi maxsus koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Koll-markaz qo‘ng‘iroqlarni 2020-yil 22-may kunidan boshlab soat 10:00dan 17:00gacha qabul qiladi.