Yangiliklar

Toshkentda yangi tugʼilgan chaqaloqlar eshitish qobiliyatining universal skriningini oʼtkazish sinov loyihasi boshlandi

15 yoshgacha boʼlgan bolalarda eshitish qobiliyatini yoʼqotish holatlarining 60 % ni profilaktika choralari yordamida oldini olish mumkin. Аgar eshitish qobiliyatida nuqsoni bor bolaga umrining dastlabki uch yilida yordam koʼrsatilmasa, bunday bola nutq bilan bogʼliq muammolarga duch kelishining ehtimoli katta boʼlganligi tufayli, vaqt oʼtib, kar va soqov boʼlib qolishi mumkin. Shuning uchun eshitish qobiliyatidagi nuqsonlarni oʼz vaqtida aniqlash kerak, bu yoʼnalishdagi eng samarali usullardan biri -yangi tugʼilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini universal skriningdan oʼtkazish hisoblanadi.
 
Аgar birinchi bosqichda eshitish qobiliyatining nuqsonlari aniqlansa, bolalarga eshita olishlari va nutqni rivojlantira olishlariga yordam berish mumkin. Аgar eshitish qobiliyatidagi nuqson bola tugʼilgandan soʼng 3-5 kunida aniqlansa, mutaxassislarning tavsiyalariga koʼra, 15-30 kuni bolani maxsus tekshiruvdan oʼtkazish va tegishli choralarni koʼrish kerak.
 
“Zamin” fondi Sogʼliqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIPIАTM) bilan hamkorlikda yiliga 70 000 dan ziyod chaqaloq dunyoga keladigan Toshkent shahrida sinov loyihasini boshladi. Tibbiyot muassasalarida oʼtkazilayotgan skriningni monitoring va tahlil qilish uchun loyiha doirasida onlayn tizim ishga tushirildi. 19 nafar shifokor va 38 nafar hamshira Germaniyalik mutaxassislar tarafidan oʼtkazilgan trening-seminarlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
 
Yangi tugʼilgan chaqaloqlar shahardagi 4 ta bolalar shifoxonasida va barcha 15 ta tugʼruq markazlarida eshitish qobiliyatining skrining tekshiruvidan oʼtkazilishi mumkin. Eshitish qobiliyatining nuqsoni aniqlansa, har bir chaqaloqqa maxsus diagnostikadan oʼtish hamda eshitish va nutqni rivojlantirishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni koʼrish uchun RIPIАTM ga yoʼllanma beriladi. Eshitish qobiliyatining skriningidan oʼtgan yangi tugʼilgan chaqaloqlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar RIPIАTM qoshida yaratilgan treking-markazda toʼplanadi va qayta ishlanadi. Ushbu loyiha 1 yillik sinov muddatidan muvaffaqiyatli oʼtgandan soʼng respublikamizdagi barcha tugʼruq markazlariga tadbiq qilinadi.
 
2020-yil 2-dekabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida eshitish qobiliyatining skriningini oʼtkazish sinov loyihasining taqdimoti boʼlib oʼtdi. “Zamin” fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva loyihaning dastlabki natijalari bilan tanishdi, tugʼruq markazlari shifokorlari va yangi tugʼilgan chaqaloqlarning ota-onalari bilan suhbatlashdi, ularga eng ezgu tilaklarni bildirdi. Shuningdek, tibbiyot xodimlariga mardonavor mehnatlari uchun alohida minnatdorchilik bildirildi.