Yangiliklar

"Maktab yoshidagi bolalar uchun koxlear implantatsiya" dasturi doirasida dastlabki 10 ta operatsiya o‘tkazilmoqda


16-17 sentabr kunlari Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida "Zamin" fondining "Maktab yoshidagi bolalarga koxlear implantatsiya" dasturi doirasida dastlabki 10 ta koxlear implantatsiya* operatsiyasi o‘tkaziladi.



Operatsiyalardan oldin to‘rtta ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari koxlear implantatsiya o'tkazish uchun imkoniyatini aniqlash maqsadida bosqichma-bosqich diagnostikadan o‘tkazildi. Diagnostika natijalariga ko‘ra dastlabki 10 nafar bola jarrohlik amaliyotiga tanlab olindi. Shuningdek, dastur logopedlar, surdo o‘qituvchilar va boshqa mutaxassislar ishtirokida bolalarni keyingi reabilitatsiyasini o‘z ichiga oladi.



Operatsiyalar Rossiyadan tashrif buyurgan shifokor Vladislav Yevgeniyevich Kuzovkov — tibbiyot fanlari doktori, professor, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining "Sankt-Peterburg quloq, tomoq, burun va nutq ilmiy-tadqiqot instituti" otoxururgi, HEARRING eshitish implantatsiyasi xalqaro tibbiyot markazlari assotsiatsiyasi mutaxassisi tomonidan amalga oshirilmoqda. Jarrohlik faoliyati davomida V.Ye. Kuzovkov 7000 dan ortiq koxlear implantatsiya operatsiyalarini amalga oshirgan. Vladislav Yevgeniyevich Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining faxriy diplomiga ega, 2018-yilda koxlear implantatsiyani rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Burian-Helms mukofotiga sazovor bo‘lgan. 130 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.



Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari ham operatsiyalarda qatnashadilar va professor yordamida malaka oshiradilar.

Jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng Vyacheslav Yevgeniyevich Kuzovkov otorinolaringologlar va tibbiyot oliygohlari talabalari uchun "Koxlear implantatsiyadan avval ichki quloq patologiyasini tashxislashda chakka suyaklarning kompyuter tomografiyasi" mavzusida onlayn seminar o‘tkazdi.



"Zamin" fondi dasturning barcha hamkorlariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi:

— ikki bosqichli diagnostika va operatsiyalarni tashkil etgani uchun Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga;

— dasturni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun MED-EL kompaniyasiga;

— operatsiyalarni tashkil qilgani, mutaxassislar uchun master-klass va seminar o‘tkazgani uchun professor V.Ye. Kuzovkovga.



*Koxlear implant — bu eshitishda nuqsoni borlarga atrofdagi tovushlarni va nutqni eshitish imkoniyatini beruvchi elektron qurilma. U ichki va tashqi qismdan iborat. Jarroh ichki qismini eshitmaydigan bemorning qulog‘iga implantatsiya qiladi. Protsessorga ega tashqi qismi bemorning qulog‘i va/yoki boshiga joylashtiriladi. U tovushlarni, nutqni qabul qiladi va ularni bosh terisi orqali ichkariga uzatadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga ko‘ra, eshitish apparatlari bilan birgalikda koxlear implantlarga kirishni ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, eshitish qobiliyatini yo‘qotgan insonlar uchun muhim ustunlikni beradi.